Èíôîðìåð òóò áóäåò
Главная » 2015 » Июнь » 01 » Ikki dil — ikki olam 1-Qism
16:43
Ikki dil — ikki olam 1-Qism

Erta tushgan kuz chappor gulzorni bosgan qorday bir dunyo tashvish keltirdi. Yalt-yult quyosh kuzak chechaklaridagi, kahrabo chiroyga gʻarq chinor barglaridagi shabnam — marvarid donalarni simirib ulgurganiyam yoʻq ediki, toʻsatdan jin shamol koʻtarildi-yu, qorabotir bulutlar koʻkda oʻrmalay ketdi. Kallai sahardan dala-bogʻimizni boshiga koʻtarishgan sayroqi qushlar ham, zibildoqlar ham saylni yigʻishtira qayoqqadir juftakni urdilar. Bir zumlik jimlikdan soʻng, kutilmaganda boshlangan qasur-qusur, chaqmoq otishlar, shalabbo yomgʻir olamni bossa boʻladimi... 

Yeru koʻkni savalay ketgan danakday-danakday tomchilarni ishxonam derazasidan kuzatar ekanman, negadir, oʻtgan yili — ilon yilining qishida kechgan, men uchun ogʻir tuyulgan kunlar xayolimni band qiladi: oqlanmagan ishonch... zahmat cheka-cheka bitilgan asar tomoshabinlar koʻzidan qochirildi; tunni saharga payvand qilgan oyu kunlar oqibati voy. Ha-a... zamon kechinmalariga ijod kalitini topa bilish, hayotning aniq, puxta ifodasini yaratish mushkul mehnat. Ma’muriyat byurokratlariga bas kelish — undan ham qiyin gap. Bular ustiga tanqidchilik —olimlik yukini koʻtarolmay yurgan ba’zi birovlarning dudmal chizgilarini, otga taqa qoqilganda chumolining oyoq koʻtarishlarini koʻrib, «oʻrgildim-ey», deyishdan oʻzga gap topolmaydi kishi. 

Odam sharpasi oʻylarimni boʻldi. Orqamga boqsam, yulduzi issiqqina bir ayol ishxonam ostonasini bosa ichkari kirmoqda. Ajab... imsiz-dimsiz soʻrashdik. Koʻrsatilgan joydan oʻrin olganidan keyin, himranganicha, tilga kirdi: 
— Xayolizni boʻlmadimmi? 
— Hechqisi yoʻq... ammo?.. 
— Mani tanimadiz, shundogʻmi? 
— Ha. 
— Ismim — Adiba. Kasbim,— bir oz oʻylanib qoldi-da, davom etdi,— jurnalistman... 
— Balli... balli... ey-a, endi esladim... Badiiy ocherklaringizni oʻqiganim bor. Haligi... 
— Men boshqa niyatda...— Shu kezda chaqnagan chaqmoqning yorugʻi Adiba yuz-koʻzlarida oʻynab fikr-yodimni juvon tomon tortar edi. Adibaning doʻrdoq lablari allanechuk yana juftlandi.— Elnurni tanirdizmi? 
— Elnurni?! 

Endi mening koʻzlarimda chaqmoq chaqnab, boshim aylanganday boʻldi. Xotiramdan gʻizillab oʻtmish Elnur fojiasi 1965 yilning qishida sodir boʻlgani esimda. «Si-ay-ey» razvedkasining qaroqchilari iste’dodli sovet jurnalistini «oʻgʻirlashgan», uni vatan xoini qilish maqsadida bor hunarlarini ishga solib koʻrganlar. Natija chiqavermagandan soʻng va siyosiy janjaldan qoʻrqa, Elnurning dabdala jasadini goʻyo avtohalokatga yoʻliqqan odam oʻrnida, Nyu-York koʻchalaridan biriga tashlab qochishga majbur boʻlishgan. Oʻsha chogʻlarda gazetalar Elnur fojiasi toʻgʻrisida talaygina narsalar bosishgandi. Nahotki qarshimdagi ayol oʻsha jasur oʻgʻlonning haloli boʻlsa! 
—Xotinlarimisiz? 
— Koʻz ochib koʻrganim...— chuqur «uh» torta soʻzladi Adiba.— Yaqinda yili boʻladi. 
— Umr oʻtishini qarang-a... 
— Elnurimni menga, mening Elnurimga yozgan xatlarimiz bor, shularni bir koʻrarmikansiz oʻyida bezovta qildim sizni? 
— Qani?.. Yonizdami? 
— Mana, deya Adiba bir qiyiqcha qogʻozni xontaxtaga qoʻydiyu oʻrnidan jildi.— Xayriz... ikki-uch kunlardan keyin olib ketsam boʻlar-a? 
— Albatta... Xayr...— Adibaning ishxonamdan chiqib ketishiniyam kutmasdan, qiyiqchani yecha xatlarni oʻqishga berildim. Ikki navqiron qalb yozishmalarini koʻzdan kechirganim sari koʻnglim gʻalayoni ming chandon oshdi, bir olam aql va mehr ogʻushida boshim «chir» aylandi. Mana oʻshalardan bir turkumi: 

Nyu York 20.IX.1965 yil 

ADIBAM, SEVARIM! 

Sirasini aytsam, bu chuvalgan dunyoda ayriliq oʻtida yonganlar talaygina topiladiku-ya, ammo menday qoʻlga tushgani kamdan-kam uchrasa kerak. Xuddi ertak-a. Yillar davomida faqat xayolingiz bilan yashashga chidab, nihoyat, visolingizga erishsamu shiringina toʻyimizning (qavm-qarindoshlarimiz shodligi, yoru birodarlarimiz shoʻhliklari yodingizdadir!) ertasiyoq yoʻlga otlanishga majbur boʻlsam... Buning ustiga yalakatlar parqu yostigʻi ostidagi gulgʻuncha, yalang toʻshimga tortilgan qizgina bu qilmishimdan allanechuk ozor cheksa, qiynalsa... Agarchi, Amuday chuqur mehru shafqatingizga ishonmasam, betiyigʻingizni kechirarsiz degan qanoatga ega boʻlmasam uyatimdan tars yorilib oʻlsam ajabmasdi. 

Adibaginam, umrdoshim, burch majburiyati orqasida boshlangan bu safar oldidan, aeroportda aytgan soʻzlaringiz hamon qulogʻimda: «Qoʻzlarim yoʻlingizda... oy borib, omon qayting...» Bu iffat va latofat toʻla tilaklaringiz qanotida, besh soatlar chamasida Moskvaga yetib keldimu «Moskva — Nyu-York» samolyotiga narsalarimni olib oʻtishga zoʻrgʻa ulgurdim. Soʻngra, Moskvadan Shotlandiyaning Prespunk shahriga, undan Kanadaning Gander shahriga, Ganderdan Amerikaning Nyu-Yorkiga sakrab oʻtib, bir kun deganda oʻn ming kilometrcha masofani bosdimu Yer yuzi degan «tuxum»ning narigi tomonidan, imperialistik olamniing qoq kindigidan kelib chiqdim. 

Oʻzingizga ma’lumki, Amerikaning Nyu-York deb atalgan bu besoʻnaqay, notinch karvonsaroyi menga yoqinqiramadi: havosi badhazm, yergayam-koʻkkayam sigʻmas dollar-dorlar oʻta beibo, shaharning chin egalari — mehnat ahliga xor. Xullas, kapitalizm dunyosining oltin ajdaho tili-yu, biznesmenning zahar dili shunda mujassam. Aeroportdayoq shu yozuvlarga koʻzim tushdi: «Yigitlar, Vetnam ozodlik urushi sizlarni kutmoqda! Koʻngillilar safiga tezroq yoziling!» Yana urush sharpasi. Birinchi jahon urushida 8,5 million, ikkinchi jahon urushida esa 50 million xaloyiq qurbon qilingan boʻlsa-yu, bu tirraqi buzoqlarning yugurishini qarang. Aqli kaltalar! 

Bu ogʻir oʻylardan qutulish uchun toʻgʻri kelgan gazetalardan birini ochuvdim, mana bu e’lonlarga yoʻliqdim: 

«Yaqin kunlarda shahrimizga koʻchib kelgan janob, yoshi 55 da, sirti xushbichim, uylanish niyatida badavlat xonim bilan tanishuvni istaydilar. Din va millati boʻyicha monelik boʻlmaydi. Adreslari...» 

«Istarasi issiq, boʻychan, 40 yoshdagi beva xonim qoʻlida hunari va ma’lumoti bor, oʻziga toʻq janob bilan uchrashuvni xohlaydilar. Istaklari — turmushga chiqish. Yozilsin...» 

«45 yoshlardagi soʻqqabosh xonim taxminan ayni yoshlardagi basavlat, kimsasi yoʻq janobni izlamoqda. Maqsadi — erga chiqish va oʻzining «erkaklar sartaroshxonasi»ni birga boshqarish. Shu sababli u janob ustasi farang sartarosh va sharqiy slavyanlardan yoki Balqonda tugʻilganlardan boʻlishi shart. Ma’lumot uchun... » 

«64—66 yoshlarga chiqqan sergʻayrat, koʻrinishi koʻrkam, madaniyatli va ma’lumotli, ziyolilar oilasidan tarqagan, 1914 yil urushi munosabati bilan Rossiyadan ketib qolgan hamda oilaviy turmush tajribasini beshidan kechirgan janobni — bir umrlik, doʻsti vafodorni istayman. Xonimning oʻzlarida shu sifatlarning barchasi toʻla-toʻkis. Telefonimiz...» va hokazolar. 

Aqliga qurt tushgan va yoki aqli oshib-toshib ketganlar, zakovatining misi chiqqan va yoki zakovat koʻchasiga kirishni unutib qoʻyganlar shular boʻlishsa kerak. Odamni itdan ham xor, tovuqmiya aylagan bu jamiyatdan nimayam kutish mumkin oʻzi?! 

Adibam, sevarim, erta-metandan ishni boshlaymiz. Boshlangach nihoyati ham boʻlar-ku. Bor-yoʻq istagim oqila Adibam bilan tezroq koʻrishuv. Volidai muhtaramim peshonalaridan bir oʻpib qoʻyarsiz. 

Salom va xayr-xoʻsh. Choʻlpon koʻzlaringiz shaydosi — Elnur. 

Toshkent. 25.IX.1965 yil. 

ASSALOM, ELNURJON AKA! 

Ming — yuz ming qatla shukr: xatingiz, xush-xabaringiz keldi. Baxtimizga hamisha salomat boʻling! Ayamlar aytishlaricha (tashvishlanmang, sihatlari yaxshi), butingiz orasidan shamol oʻtib yursa, bas emish. Gapga shahar berasiz. Lekin Elnurjon aka, meni munaqangi noqulay ahvolga qoʻyishingiz insofdan emas. Ayamlar hadeb maktubingizni toʻlasicha oʻqib berishni qistaydilar. Qani, ayting-chi, haligi shoʻxlik aralash erkaliklarni, «yomon yigit» ekaningizga iqrorlaringizni qay yuz bilan oʻqib beray u kishiga? Endi bilsak, sizda ham ayyorlikdan anchagina bor ekan. Qilar ishni qilib Amerikaga qochvorasiz-da, dunyoning bir chetida turib uzr-iltijo aytasiz, qoʻlim yetmasligini bila turib... Shu tobda qavatimda boʻlsangiz-chi, agar... Oʻzim bilardim... Oʻymalab-oʻymalab... Yoʻgʻ-e, esim qursin, keng peshonangizdan, koʻzlaringizdan toʻyib-qonib oʻpgan boʻlardim, jonginam. 

Elnurjon aka, hijron boʻroni qarshisida Adibangiz moʻrt ekan, sinaman deydi. Buning ustiga har nafasi sizni eslatguvchi ipak kuzimizni koʻrmaysizmi: shira-sharbatga gʻarq bogʻlarimizda noz, gʻujum-gʻujum ochilgan paxtazorlarda zavq, serharorat yozning otashida boʻgʻriqqan odamlar kuzakning mayin oromida. Qani siz? Sira-sira ajralmaymiz, hamisha birga boʻlamiz, degan va’dalaringiz qayda? Ha, aytganday, «E’lonlar» antiqa. Oldin kuldim, keyin dovdir odamlar taqdiriga achindim. Kapitalizm — urush va haqorat dunyosi ekanini barcha bilishi kerak. Shu maqsadga qaratilgan harakatlaringizga madad tilayman, lekin yalinaman, ehtiyot boʻling. 

Ertadan redaktsiyadagi mehnatim boshlanadi: xayr, dorilfunun, salom, mehnat! Ayamlardan bir olam duoi istak sizga. Yoʻllaringizga intizor yoringiz — Adiba. 

Nyu-York. 30. IX. 65 yil. 

SEVGILIM, ADIBAM! 

Maktubingizni oldim. Chindan ham donosiz: yozganlaringiz bir shingilu ma’nosi, hosili gʻaram-gʻaram. Tashakkur. Sizni uchratgan taqdirimdan oʻrgilaman. 

Bugungi Amerikaning kayfiyati meni chuqur tashvishga solmoqda. Nyu-York kabi katta shaharlaridan ruh butunlay koʻtarilgan, koʻpchilikning koʻngli siniq, narx-navo baland, zar va zoʻrlik shukuhining chaqchaygan koʻzini toʻzon, qon bosganday. Hammayoqda urush sharpasi. Hatto Brodveyning qichiqtabiat ayollari ham Vetnamda oʻgʻli oʻlgan amerikalik notavon onalar uchun nafaqa toʻplashga bel bogʻlashibdi. Nomi ulugʻ, suprasi quruq bu mamlakatning siyosatidan, «oliy» darajali siyosatchilarining qilmish-qidirmishlaridan arvoh labiga ham uchuq toshsa ajabmas. 
— Nega mundogʻ?— savol bersam, amerikalik bir diplomat, hazil-mutoyiba aralash, shu javobni qildi: 
— Okey... 1945 yilning 31 yanvari eslaridadir? 
— Albatta. 
— Xuddi shu kuni Gitler stavkasida odatga kirgan tartib-intizom birinchi bor buzilgandi. Tuni bilan ishlashni, to tongtacha boʻlar-boʻlmas kengashlar oʻtkazishni yaxshi koʻrgan Adolf kunning birinchi yarmini uyquda, oʻz gʻaftlatxonasida kechirar va ayni fursat davomida biron kimsaning uning xonasiga kirishga haqqi yoʻq edi. Biroq, 31 yanvarning ertalabki soatlarida natsional-sotsialistlar kantselyariyasining boshligʻi Borman bu odatni buzishga majbur boʻlib, Gitler uyqusini qochiradi. Sababi? Sovet tank qoʻshinlari Oderdan oʻtib, Berlin sari yoʻl solgandilar. Tushundilarmi? 
— Yoʻq. Bu uzundan-uzun tarixni savolimga nima daxli bor ekan? 
— Mister, daxli shundaki, oʻsha kundan boshlab bizning ham uyqumiz tozayam qochgan, jonimiz halakda! Yo biz kommunizmni yoʻq qilamiz, yoki kommunizm bizni — «ozod olam»ni... Endi tushundilarmi? 
— Tushunganda qandogʻ... ofarin. 

Lenin Vatanining qudrati, sotsialistik lager gʻalabalari, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi tarixiy oʻzgarishlar imperializm korchalonlarini qattiq sarosimaga solgan. Ular sarson-sargardonliklarining, urush qurolidan voz kechgan iqtisod oʻrniga jangu jadal maqsadiga asoslangan iqtisodga kuch berishlarining, insoniy madaniyat oʻrniga «qirgʻinlar madaniyati»ni koʻkka koʻtarishlarining sir-asrorini shundan izlash lozim. Ahvol shu qadar murakkabu Birlashgan Millatlar Tashkilotining XX sessiyasiga toʻplanishgan 117 mamlakat vakillarining anchaginasi na yerni taniydi va na osmonni. Buning ustiga maslakdoshlararo kelishmovchiliklarni aytmaysizmi. Oq sut bergan onaga teskari qarash — oqpadarlar, telbalar hunari... 

Jonim Adiba, bu galgi xatim sertashvishroq boʻlsa — kechirasiz. Binobarin, biz hushyor boʻlishimiz zarur. Yetar, kechgan tarix saboqlari, yetar. Ha, azizam, qaltis zamon, xalqlar tinchligi qil ustida turgan davr xunuk basharasini qayta koʻrsatmoqda. Nahotki uchinchi jahon urushi oʻt olsa?! 

Gul yaprogʻi — doʻrdoq lab ustiga qoʻngan timqora xol va uning sohibasi meni sogʻinganmikan? Bir koʻrsam... Bir suysam... Safarimiz choʻziladiganga oʻxshaydi. Ayamlarga koʻpdan-koʻp salom. Salomat boʻlinglar. Zargar qalbingizning zor-intizori — Elnur. 

Fargʻona. 12. X. 1965 yil. 

ELNURJON AKA, SALOM! 

Ochigʻini aytsam, bu galgi xabaringiz koʻnglimga andak ozor berdi. Koʻproq notinch dunyoning noxush ishlari toʻgʻrisida yozibsiz. Amerikalik diplomatning aytganlaridan bir gʻazablandim, bir shod boʻldim. Gʻazabim boisi: xizmatga tuhmat... Agar Gitler fashizmini biz yer bilan yakson qilmaganimizda oʻsha janob mamlakatining ham holiga maymunlar yigʻlashini unutish, sovet xalqining mardona gʻalabasiga tan bermaslik—dunyoni qora oʻrmon tarzida koʻrishni istagani, albatta. Shodligim sababi: uyqusi qochgan ekan — ajab boʻpti. Uyqusizlik balosiga mubtalo odamning umri koʻpga choʻzilmaydi. Demak, bir kunmas-bir kun yoʻq boʻlajaklarini, musht koʻtarishlariyam qoʻrqoqlik, kuchsizlik alomati ekanini sezmoqdalar. Koʻp soz! 

Elnurim, jurnalist yoringizning dastlabki safari Fargʻona vodiysi tomon tushdi. Qanotsiz uchdim, chunki, nazarimda, bu vodiy bilan uchrashuv goʻyo siz bilan koʻrishishday shirin tuyulardi. Hozir-chi, kumush vodiyning ayni serzavq fasli ekan. Bu vodiy asl odamlari ta’rifini tilga olish qoʻlimdan hali kelmas deyman. 

Men quvalik Hurmat ona bilan tanishdim. Ona, birinchi qarashda, koʻzlari ojiz ekaniniyam sezmaysan kishi. Oʻgʻillari Erali urushda halok boʻlgan, lekin ona umidida u tirik. Ona hamon oʻgʻlini kutadi. 
— Onajon, yoshingiz qanchada? 
— Aylanay sizdan, Erali nemis qironiga joʻnashidan bir kun oldin: «Ayabuvi, oltmish oltiga chiqdingiz», degandi... bolaginam. 
— Koʻzingizga nima qildi? 
— O-o, bolam, yigirma toʻrt yildan beri xayolim ana keldi-mana keldi bilan band. Erali tushmagurdan esa dom-darak yoʻq. Azobga dil chidadi, tirikman, koʻz chidamadi, aylanay sizdan. 
— Toʻqsonga chiqibsiz, onajon. 
— Toʻqsonmi-yuzmi... Eraliginam boshini, oh, onang oʻrgilsin, boshini mana shu koʻksimga bir bosmaguncha oʻtiraveraman. Undan soʻngra oʻlimimga roziman... Qarigandan oʻlim yaxshi, bolam. 

Birinchi ocherkim bardoshi togʻ Hurmat onaga bagʻishlanadi. Haligi siz aytgan urush jarchilarini shu mushtipar ona dod-faryodi koʻr qilsa boʻlmaydimi?! 

Elnurim, «xol» haqidagi qochiriqlaringiz boisida nima oʻylashimniyam bilmayman. Unga rashkim keladi, xolos. Demak, u kishining koʻngillarida men emas, birgina «xol» ekan-da kabi shubhalar dilimga ozor solganday. Nainki, xol, butun borligʻim, bor xayolim siz bilan, Elnurjon aka. Hammamiz, ayamlar ham, Fargʻona bogʻlaridagi guli nihollar ham, hammamiz, sizni, bir qochoq yigitni besabr kutamiz, sogʻinganmiz. Tezroq qaytish ilojini qilsangiz — iltimosim va salomim shu. Koʻziyam, mayliz, holiyam, xullas, butun vujudi yoʻlingizga toʻrt — Adiba.  1-Qism Tugadi

 

Категория: Hikoyalar | Просмотров: 942 | Добавил: Admin | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий

Ваше имя:
Ваш E-Mail:
Введите код: *
Хостинг от uCoz